Karamning niqbosh emas, balki g'ovakrog'i tanlab olinadi. Ko'k bargidan halos etib, o'zagi o'yib olib tashlanadi va qaynab turgan tuzli suvga 5 minutcha botirib qo'yiladi. Shunda uning barglari muloyimlashadi. Karam barglarini ajratib tashlab qo'yasiz, bandiga yaqin joyida dag'al qismi bor, uni pichoqda kesib tekislaysiz yoki yog'och to'qmoq bilan urib nafislantirasiz. Qiymasi bunday tayyorlanadi:semizroq mol yoki qo'y go'shtining yog'ini mayda to'g'raysiz, pay ,biriktiruvchi to'qimalar , chalxak qismlarini kesib olib tashlaysiz (bular go'sht qiymalagichdan o'tmay, o'ralib xunob qiladi) . Go'shtni qiymalagichdan o'tkazib , bunga haligi to'g'ralgan yog'ni , mayinqilib chopilgan piyozni , picha yuvilgan guruchni solib, tuz va murch sepasiz-da , xom tuxum chaqib yaxshilab mijiysiz. Qiymangiz sellikkina chiqsin uchun 2 dona pomidorni ezib qo'shib yuboring , qishda esa pomidor sharbatidan ikki osh qoshig'ida quyasiz. Karam barglariga keragicha qiymadan solib bodringsimon do'lmalar o'raysiz. Pishirishga kelganda, kastryulka ostiga karam barglaridan bir qavat to'shab, so'ng do'lmalarni terib chiqasiz, ora - orasiga butun sabzi va kartoshka solsangiz ham bo'ladi. Masalliqning yuzi bilan barobar suv quyib, ustiga likop to'ntarib yuk bostirasiz va sust olov berib, 40 - 45 minutcha mildiratib qaynatasiz. Sharaqlab qaynatganingizda do'lmalar yechilib ketadi va sho'rvasi ham xira tortadi. Dasturxonga laganda yoki likoplarda tortiladi, yuziga qaymoq surtiladi. Sho'rvasi alohida idishda tortiladi.
Masalliq:bir bosh karam , 500 gr lahim go'sht, 150 gr yog' (charvi ) , 5 - 6 bosh piyoz, 100 gr guruch , 1 dona tuxum , 2 dona pomidor yoki 2 osh qoshig'ida pomidor sharbati, tuz va murch ta'bga ko'ra olinadi. 2 - 3 dona sabzi , 2 dona kartoshka, yuziga surkash uchun 1 stakan qaymoq yoki smetana kerak bo'ladi.
Комментарии
Отправить комментарий