Xamirni qattiqroq qilib qorasiz, zuvala qilib sochiqqa o'rab 15minutcha tindirganingizdan keyin yana bir bor mushtlab pishitib undan keyin o'qlov yordamida yupqa qilib yoyasiz. Yoymadan 10x10 sm hajmli jildlar kesasiz. Yoki xamirdan yong'ok, kattaligida zuvalachalar uzib olib, har birini alohida - alohida juva bilan tugarak qilib yoyasiz: qalinligi 2 mm bo'lsin. Har bir jildga ketganicha qiyma solib manti tugasiz. Qiymasini tayyorlash: Yog'li qo'y go'shtidan olib, o'tkir pichoq bilan chumchuq tili qilib to'g'raysiz, yog'ini sal yirikroq, dumba yog'i bo'lsa 1x1x1 sm kubik qilib, charvi yog'ini esa bodom kattaligida to'g'raysiz. Halqa - halqa qilib to'g'ralgan piyozni taxta ustiga qo'yib chopib yuborasiz. Shunday qilganda piyoz bir joyda to'planib qolmay qiyma ichida bir tekis tarqaladi. Bunga tuz, murch va zira qo'shib, yaxshilab mijiysiz. Qiymangiz sellikkina chiqsin desangiz picha suv sevalab, aralashtiring. (Muljallangan tuzni sovuq choyda namakob qilib sevalasangiz yana ham yaxshi). Tugilgan mantilarni qasqonning yog'langan lappaklariga bir - biriga tegmaydigan qilib terasiz. Bugda pishish muddati 40 - 45 minut. Dasturxonga tortishda barmoqlaringizni sovuq suvga botirib issiq mantilarni - olasiz va laganlarga terasiz. Alohida idishda porsiyalab berishingiz ham mumkin, yuziga qatiq sevalaysiz, alohida idishda uzum sirkasi keltirib qo'yasiz.
Masalliq: hamiri uchun 500 gr oq un, 1 dona tuxum, 0,5 stakan iliq suv, 1 choy qoshig'ida tuz; qiymasi uchun 1 kg suy go'shtining lahimi, 100 gr dumba yog'i yoki 150 gr charvi, 500 gr piyoz, 1 choy qoshig'ida murch va shuncha zira olinadi. Tuz 0,5 stakan sovuq choyda namakob qilib sevalanadi.
ESLATMA: a) yaqin terilgan mantilar pishganda semirib bir - biriga yopishib qoladi; b) lappak yog'lanmasa manti ostining ko'chishi qiyin bo'ladi, shakli buzilib, titilib ketadi; c) suvi qaynamasdan oldin quyilganda xamiri lapakka yopishib qoladi; d) suvi qaynagach, tuz sepish kerak, shunda bug'ning harorati kuchliroq bo'ladi.
Комментарии
Отправить комментарий