Jizzali non



Uy nonining to'q tutarligini orttirish va lazzatini yaxshilashga qaratilgan bu non unitilib bormoqda. Sababi, hamma vaqt ham har bir xonadonda jizzaning bo'lavermasligidir. Jizzaning kuyganlarini terib tashlab, (saralab) shunday dona donaligicha xamirga qo'shiladi. Xamirturush bilan tuzni iliq suvda eritib, un va suvni qisim - qisimlab qo'shib qattiq - yumshoqligi o'rtacha bo'lgan xamir qorasiz va oshirish maqsadida o'rab, issiqroq joyga olib qo'yasiz. Ko'pchigan xamirni tog'oraning o'zida mushtlab, so'ngra taxta ustiga olib, qo'l bilan qalinligini 1,5 - 2 sm qilib yoyasiz. Yoymaning yuziga tekis qilib jizzani soling va xamirning bir chekkasidan rulet qilib o'rang. O'ralgan xamirga jizza yaxshi aralashishi uchun ruletning ikki chekkasidan kaftlar bilan eshasiz, bunda o'ng kaft orqaga, so'l kaft esa oldga bir necha bor harakat qildiriladi. Ana shundan so'ng 150- 200 gr keladigan zuvalalarga bo'lib chiqasiz. Shar shaklida dumalatilgan zuvalalarni o'ng qo'lning mushti bilan, so'ng har ikkala qo'lning kafti va barmoqlari bilan ezib doira shaklidagi non yasaysiz. Nonning chetlari 2 - 3 sm, o'rtasi esa 1 sm qalinlikda bo'lsin. Har bir nonning o'rtasida chakich urib, tandirga yopib to singiguncha pishirasiz. Dasturxonga tortishdan oldin bir oz tobini chiqarib, mustaqil taom sifatida choy bilan keltirib qo'yasiz. 
Masalliq: 1 kg un, 50 gr xamirturush, 2 stakan suv, 300 gr jizza, 2 choy qoshig'ida tuz olinadi.

Комментарии