Oshqovoq somsa


Iliq suvga xamirturush solib, tuz bilan birga eritgach, qisimlab un solib, xamir qilasiz - da, o'rab, oshirish uchun olib qo'yasiz. Oshirilgan xamirdan yong'oqday zuvalachalar yasagach, urvoqqa belab, juva bilan qalinligi 2 mm qilib jild yoyasiz. Har bir jildga oshqovoq qiymadan solib to'rtburchak shaklida somsalar tugasiz (oval, dumaloq, uchburchak, yarimoy shakllarida somsa tugsa ham bo'ladi). Somsa qizitilgan tandirning jag'iga yopilib yoki duxovkada pishiriladi. Duxovka avval qizitilib, patnisi yog'lanishi shart, aks holda somsa yopishib qoladi. Qiymasini tayyorlash uchun somsa oshqovoq tanlanadi. Bu jaydari navning po'chog'i qattiq yog'ochsimon, sirti qora - sariq - olachipor bo'ladi. Qovoqni ikkiga yorib, urug;I olib tashlangandan so'ng, maxsus qoshiqsimon qirg'ich yordamida qirasiz. Agar oshqovoqning boshqa navini tanlagan bo'lsangiz, urug'ini olib tashlagach 1 x 1 x 1 sm kubik shaklida - mayday to'g'raysiz. Bunga halqa qilib to'g'ralgan piyoz, jizza yoki mayda to'g'ralgan charvi yog', tuz va qalampir qo'shib mijiysiz. Tayyor somsalarni tandirdan uzib, bir oz tobini chiqargach, dasturxonga tortasiz. Oshqovoq somsa soviganda ham o'z xushxo'rligini yo'qotmaydi. 
Masalliq: xamiri uchun 500 gr oq un, 25 gr xamirturush, 1 stakan iliq suv, 1 choy qoshig'ida tuz solinadi; qiymasi uchun 700 gr oshqovoq, 3 - 4 bosh piyoz, 100 gr charvi yog' (yoki 1 stakan jizza); tuz va qalampir ta'bga ko'ra olinadi.

Комментарии