Samarqandcha palov


Qo'y yog'ini mayda to'g'rab, qizitilgan qozonga solib eritgach, jizzani olib, yog'ni uzoq muddat yaxshi dog'laysiz. Bunga lo'nda-lo'nda qilib to'g'ralgan go'shtni solib, sirti qizarguncha qovurganingizdan so'ng to'g'ralgan piyozni tashlang-da, bir-ikki kavlang. Piyoz o'ta qizarib ketmay turib, somoncha shaklida to'g'ralgan sabzini qatlam qilib solasiz va sira qovurmasdan va kavlamasdan darhol suv quying. Zirvak qaynaganida tuzini rostlab, zirk, zira, butun yoki tuyilgan qalampir solinadi. O'rtacha olovda mildiratib qaynatib quyib, guruchni tozalab yuvasiz. Zirvak yaxshi yetilib pishganda sabzisi muloyimlashib, go'shti yumshaydi. Ana shunda yuvib tayyorlangan guruchni qatlam qilib solib, suvni normada quyib, o'choqdan cho'g'ni tortib olasiz va alangani kuchaytirasiz. Guruchi suvini yaxshi tortib, bo'rtganda, damlab qo'yasiz, muddati 25 minut. Damlangandan so'ng 10 15 minut o'tganda palovni xomdam qilasiz. Buning ma`nosi: damtovoqni ochib, guruch qatlamini kapgir bilan cho'karib ag'darasiz, shunda ortiqcha bug'i ko'tarilib osh lanj bo'lmaydi va ayrim tirik qolgan guruchlari pastga kumilib, yetilishi uchun imkon tug'iladi, damgirni yana jips yopib suyasiz va damlash oxiriga yetganda laganga suzasiz. Suzish qoidasi bunday: laganga avvalo guruch qatlamini gumbaz qilib, tepasiga, sabzisi bilan go'shtini solasiz. Yoki laganning bir tomoniga guruchni, ikkinchi tomoniga sabzi, go'shtini solib dasturxonga qo'yasiz . 
Masalliq: 1 kg go'sht, 1 kg guruch., 250 gr qo'y yog'i, 1 kg sabzi, 2-3 bosh piyoz, 1 choy qoshig'ida zira, shuncha zirk, qalampir va tuz ta`bga ko'ra solinadi.

Комментарии